Bu manzaraga ko'zi tushgani hamono Manzuraning ko'ngli ag'darildi. Boshi chir aylana-aylana hushini yo'qotdi.
Hushini yo'qotishga yo'qotdi-yu, atrofida bo'layotgan voqealarni anglab turdi, allakimlarning gap-so'zlarini eshita oldi.
— Hozir… Hozir o'ziga keladi, — deya hayqirdi kimdir. — Tez kapelnitsani tayyorlang, almashtirish kerak. Tinchlantiruvchi ukol ham hozirlang. Kapelnitsa picha tomgandan keyin o'sha ukolni qilib yuborasiz. Aytgancha, og'riq qoldiradigan doriyam qo'shing!
— Xo'p bo'ladi!
— Manzura qizim, uyg'onaqol endi, chirog'im! Sen soppa-sog'san! Uyg'onsang, xursand bo'lamiz. Qadrdonlaringni ko'rasan!..
Manzura haqiqatan hushiga kelib ko'zlarini ochgandi. Lekin negadir qorni bilan o'ringa yuztuban yotishining ma'nisini tushuna olmasdi.
Shu ko'yi qimirlashga urindi. Shu zahoti belidami, yo teparoqdami igna sanchganga o'xshash og'riq tuyib qimirlashni bas qildi.
— Barakalla, — dedi tepasida turgan oq xalatli vrach. — Zo'rsan, gap yo'q senga! Yuzimizni yorug' qilding, qizim!
— B-Botir nega nogiron bo'p qoldi? — qimirlab yubormaslik uchun ehtiyotkorona shivirladi Manzura. — Mening… Oyoqlarim qani?.. Botirning oyoqlari qani?.. T-topib beringlar oyoqlarimni!..
— Qizim, bu nima deganing? — sochlari oppoq, ellik beshlarga borgan vrach Manzuraning tepasiga engashdi-da, erkalash ohangida so'z qotdi. — Oyoqlaring joyida turibdi. Ishonmasang, asta ushlab ko'r! Faqat qimirlab yuborma! Qani, joyidamikan?
— B-Botirniki…
— Botiring kimligini bilmadim-u, — dedi vrach hamshiraga ko'z qisib. — Lekin bizning bo'limda unaqa yigit yo'q. Hech kimning oyog'ini ham kesmadik. Tushingga kirgandir-da yomon narsalar! Asabiylashma, juda ehtiyot bo'l qizim! Hozir hamshira opang ukol qip qo'yadi, picha uxlasang, yaxshi bo'p qolasan!
Ortiq so'zlashga Manzuraning kuchi yetmadi. Hamshira tomiriga ukol qilgach, hech qancha o'tmay, uxlab qoldi.
* * *
Oradan ikki hafta mo'lroq vaqt o'tgach, Manzurani o'tqazib qo'yishdi. Umurtqasida og'riq tuyardi-yu, ammo birinchi kundagidek emasdi. Xuddi ari chaqqan kabi chimillab qo'yardi-da, qo'yib yuborardi.
Manzura o'tirish baxtiga muyassar bo'lgandan so'ng yuztuban yotish qanchalar azob ekanini chuqurroq his etdi. O'tirishga imkon bergani uchun xudoga shukr qildi. Nafas olishi ham yengillashdi. Birinchi kuni isitmasi tushmay azob bergandi. Endi bu balodan ham qutulibdi. Ammo xayolida hamon o'sha manzara gavdalanaverardi. Shuncha kun o'rinda yuztuban yotdi, lekin Botirning tovushini eshitmadi. Balki uxlab qolgan mahal kelib tez ketib qolgandir. Chunki Manzura uyg'onib ham sira uzoq vaqt yota olmadi. Charchab qolaverdi va hamshira darrov ukol qilib uxlatib qo'yaverdi…
«Xizrni yo'qlasang hozir», deganlari rost ekanmi, bugun o'tira olganidan ko'ngli ravshan tortib uni eslay boshlaganda, o'zi kirib keldi.
Biroq oyoqlari bus-butun, aravachada ham emas. Manzuraning o'tirib olganini ko'rib Botirning chehrasi yorishdi va og'zining tanobi qochganchakaravotga yaqin kelib qo'lidagilarni tumbochka ustiga qo'ydi-da, Manzuraning yoniga cho'kdi.
— Oyoq… Oyoqlaringizni kesishmaganmidi? — so'radi Manzura hadeganda Botirning oyoqlaridan ko'z uzmay. — Axir… Siz aravachada o'tirgandingiz-ku! Menga muhabbatingizni isbotlamoqchi bo'lib chiqib ketgandingiz. Keyin esa aravachada qaytgandingiz. Yo men…
— Ha, sen yomon tush ko'ribsan, — dedi Botir Manzuraning qo'lini kaftlari orasiga olib. — Bunaqa tushlarni darrov xayoldan chiqarib tashlash kerak. Irimi shunaqa. Xo'sh, kesilgan yering og'rimayaptimi? Qiynalmayapsanmi?
— Mening oyoqlarimniyam kesishgandi, — dedi Manzura javob berish o'rniga. — Keyin… Ushlab ko'rsam, joyida turibdi… Rostdanam yomon tush ko'ribman shekilli… Aytgancha… Menga nima bo'ldi o'zi? Nega bu yerda yotibman? Nimaga orqa tarafimni kesishibdi?
— Sen o'zingni mashina tagiga otganing esingdadir? — dedi Botir jiddiy tortib. — Yo eslay olmaysanmi?
— Esimda… Ammo keyin nimalar bo'lgani esimda yo'q.
— Umurtqa suyagingmi-ey, qattiq lat yegan ekan. Operatsiya qilishdi. Xayriyat, hozir kelayotib do'xtiringga uchrashgandim, ko'nglimni ko'tardi.
— Nima dedi? Uyga javob berarmikan? — hovliqib Botirga qattiqroq tikildi Manzura. — Gapiring, nima ekan?
— Asosiysi, sen nogiron bo'p qolmas ekansan. Xavf ortda qopti. Vaqtida opkelganimiz foyda beribdi. Shunday ekan, niyatni yaxshi qilaver, Manzura, nasib bo'lsa, ikki-uch oyda oyoqqa turib ketasan.
— Haligi… Uyim nima bo'ldi? Axir…
— Uying joyida turibdi, — dedi Manzuraga o'tli boqib Botir. — Men shuncha kundan beri kelmaganimga ranjima. Murod aka «mujik»lik qildi. Shuncha kun uyingni ta'mirdan chiqardik. Ammangning ishi tergovga oshirilibdi. Hademay, tergovchilar ham kep qolishsa ajabmas. Sen-chi, ularga haqiqatni aytgin! Ammangni yoqlab qo'ymagin! Iflosga ifloslarcha muomala qilish kerak.
— Murod aka yordam qildi deng? — jilmayib boshini egdi Manzura. — Yaxshi odam ekan, xudo rozi bo'lsin undan! Voy, siz so'ramadingizmi? Men yana raqs tusha olarmikanman? Yoki…
* * *
Botir javob berishga shoshilmadi. Hoynahoy, yaqin o'tmishdagi voqealar yodiga tushib bezovtalana boshladi. Bir necha marta bosh qashib qo'ydi. Manzura esa undan javob kutardi.
— Ochig'ini aytaymi? — yalt etib Manzuraga tik boqdi Botir. — Xafa bo'lmaysanmi?
— Yo'q, ayting! Faqat haqiqatni ayting!
— Sen bundan keyin raqs tushmas ekansan. Murod aka shunday dedi.
— Nimaga? Nogiron bo'p qolarkanmanmi?
— E, qanaqa nogiron? Aytdim-ku, bunaqa yomon narsalarni o'ylama deb! Murod aka aytdiki, bundan buyon sen hofizalik qilarkansan.
— Hofizalik? Ie, nega-a? Men… Qo'shiq aytishni bilarmikanman?
— Bilasan-ku! O'zim necha marta eshitganman. Ovozing zo'r-ku!
— E-e-e, kulavermang ustimdan! Qachon eshita qoldingiz?
— Uyingda aytarding. Hovli supurayotganingda, ashula aytarding. Men bo'lsam, devoringning nariga yog'ida turib maza qilardim. Yuraklarim sel bo'lib ketardi…
Manzura indamadi. Chunki Botir haq edi. Ashulani ham yomon aytmaydi. Buni o'zi ham biladi. Biroq… Yana to'ygayursa, hofizalik qilsa, mahalladagilar nima deydi? Botirning o'zi-chi?.. Bunday mard yigitni umri bino bo'lib ko'rmagandi. Hamma injiqliklariga chidayapti, koyib tashlasa ham baribir suzilib kelaveryapti. Yigit bo'lsa, shunchalik bo'lar-da! Manzura surishtirib kelganda, bir yetimcha bo'lsa, nomard, munofiq ammaning turtkilarini yeb katta bo'lgan. Nimasiga noz qiladi? Mayli, raqqosaligida Botirning or-nomusini poymol qilmaslik uchun rad etishga majbur bo'lgandi. Unga achchiq ham qilib ko'rdi. Nima topdi? Topgani kasalxona bo'ldi. Sal qursa nogiron bo'lib qolayozdi…
— Siz ruxsat beraverasizmi? — so'radi Manzura xayollarini nari haydab. — To'yga yurishimga indamay qarab turaverasizmi?
— Nega qarab turarkanman? — dedi Botir jonlanib. — O'zim senga qo'riqchi bo'lib yollanaman. Maylimi?
— Yo'q, endi bir kamim sizning to'yma-to'y orqamdan ergashib yurishingiz qolibmidi?!. Meni it yemaydi.
— Bilaman. Shuning uchun ruxsat beraman. O'zimga ishonmasam ham, senga ishonaman! To'xta, nega buni so'rading? R-rozimisan? Muhabbatimni rad qilmaysanmi endi?..
Manzura asta yer ostidan Botirga kulib boqdi-da, boshi bilan «yo'q» ishorasini qildi…
* * *
… Ko'z ochib yumguncha uch oy ham o'tib ketdi. Manzura bemalol qaddini ko'tarib yura oladigan bo'ldi. Uni Botir va Murod birgalikda qayta ta'mirdan chiqqan hovlisiga olib kelishdi. Qo'shnilarning yelib-yugurishini ko'rib, Manzura ko'zlariga ishonmasdi. Hatto, yaqinda uni qishloqdan haydash bilan qo'rqitgan oqsoqol ham birrovga kelib duo qilib ketdi.
Buyog'iga Botirning singlisi Zulxumor Manzura bilan yotib yuradigan bo'ldi.
Qiz bo'lg'usi kennoyisi akasi bilan iliq munosabatdaligiga, bir kun kelib baribir turmush qurishlari muqarrarligiga amin bo'lgandan beri Manzuraga ilgarigidan-da ko'proq mulozamat qilar, xushomadga endi oddiy to'n emas, zarbof to'n kiydira boshlagandi.
— Murod aka, Botirdan eshitib qoldim, — dedi bir kuni Manzura. — To'ylarga hofiza bo'lib boramanmi endi?
— Bekor gap, — kulib javob qildi Murod. — Qaysi jinni seni hofiza qilib to'yga oborarkan? Botiring bekorning beshtasini aytibdi.
— Nima?.. Unda nima qilaman? Siz… Yordam bermaysizmi?.. Ha-ya, nima deyapman o'zim? Shundog'am ikki dunyoning yaxshiligini qip qo'ygansiz. Ahmoqqa o'xshab bema'ni savollar berishimni qarang. Baribir men sizdan umrimning oxirigacha minnatdor bo'lib yashayman, aka! Iloyim kennoyim bilan qo'sha-qarib yuringlar!..
— Ie, yaxshi qiz, halitdan meni qatordan chiqarib qo'ydilarmi? — hazil aralash so'radi Murod yana kulib. — Yaxshima-as! Insofdan ema-as!..
— Voy, kim sizni qatordan chiqaribdi? — dedi kuyinib Manzura. — O'zingiz…
Murod indamay o'rnidan turdi. Yaxshilab kerishib olgach, erinmasdan uyning qayta ta'mirdan chiqarilgan joylarini ko'zdan kechirdi. Ahyon-ahyonda Manzura tarafga bildirmasdan o'g'rincha ko'z tashlab oldi. Manzura javobini intiqib kutayotganini ko'rib turgan bo'lsa-da, atayin shoshilmadi. Bu orada Botir ham ikki qo'lida mayda-chuydalar to'ldirilgan xaltachalarni ko'targancha kirib keldiQo'lidagilarni shosha-pisha bir chetda Manzuraga tikilgancha kulimsirab o'tirgan singlisiga tutqazdi-da, kela solib Murod bilan quyuq so'rashdi. Keyin Manzuraga javob berdi.
— Botir, bu qizingga aytib qo'ygin, — deya hazillashishda davom etdi Murod ko'z qisib. — Meni qatordan chiqarib qo'yibdi hozirdan. Endi… Kelmasam kerak bu uyga. Uzr, uka, mabodo ranjitgan bo'lsam…
— Vay, nega unday deyapsi-iz?
Manzura hazilni tushunmadimi, yig'lagudek bo'lib Murodga yuzlandi.
— Axir… Men so'radim xolos-ku! O'zingiz javob bermayapsiz?
— Hazil, hazil, singiljonim, — Murod Botirning yelkasiga qoqib qo'ydi-da, so'riga yaqinlashib Manzuraning yoniga cho'kdi. — Mazang bo'lmay, hazil-huzulniyam tushunmaydigan bo'p qolibsanmi?
— Yo'-o'q, — dedi bolalarcha erkalanib Manzura. — Hazilni tushunsam kerak sal bo'lsayam?!. O'zingiz ochig'ini aytmayapsiz. Shunga xavotir olyapman-da!..
— Ochig'ini aytaymi?
— Albatta ayting, aka! Yuragim qo'rquvdan yorilib ketay deyapti, axir!
— Unda eshit. Bugundan e'tiboran hech qanaqangi to'y-po'y haqida gap bo'lmaydi.
— N-nimaga? Tuzalib qoldim-ku!
— Shuning uchun ham to'yga chiqmaysan.
— Unda nima qilaman?.. Ha-ya, esim qursin… Unda ilgarigiday odamlarning idish-tovoqlarini yuvib…
— Bekorlarni aytibsan! — gapni kesdi Murod. — Gapni oxirigacha eshitgin-da! Idish-tovoq yuvishga hali ulgurasan. Joninggayam tegib ketadi. Mana, Botir «bratishka»minan turmush qursalaring, rosayam uyida idishi ko'p. Xumordan chiqquncha yuvaverasan!..
— Ajab bo'pti! — yanada erkalangannamo suzilib javob qildi Manzura. — Sizlarga hazil bo'lsa…
— Toshkanga jo'naysan, — davom etdi Murod. — O'sha yerda konservatoriyada o'qiysan. Faqat raqqosalikkamas. Hofiza bo'lasan kattakon. Ana shu o'qishni bitirsang, ishon, o'zim senga prodyuserlik qilib, birinchi navbatda shu qishloqdan to'y olaman. Xudo nasib qilsa, yuzingga loy chaplaganlarning oldida shunday kuylaginki, shunday nolalar bilan kuylaginki, o'sha ahmoqlar uyalganidan, sharmanda bo'lganidan qochgani joy topolmay qolsin. Ana o'shanda sen bilan biz rosmanasiga g'alaba qozonamiz!..
Manzura Murodning so'nggi gaplarini eshitgandanoq yuragi orziqib, quvonchdan, shukronalikdan yorilay deb o'tirgandi. Ortiq bu taxlit o'tira olmadi. Beixtiyor o'pkasi to'lib, ko'ngli bo'shab yig'lab yubordi va ikki kafti bilan yuzlarini yashirib oldi.
Telbaning ishini xudo o'nglashi yana bir karra ma'lum bo'ldi. Hazil-hazil bilan Murod Manzurani poytaxtga olib kelib konservatoriyaga joylab qo'ydi. Suhbat chog'ida konservatoriya muallimlari abiturientning ijrosini oxirigacha eshitib o'tirishmayotgandi. Hatto, ba'zilar qo'shiq boshlagandayoq to'xtatib tashqariga chiqarib yuborishganlarini ko'rdi. Ammo Manzuraga nisbatan unday qilishmadi. Suhbat talabiga ko'ra, mumtoz ashulalardan birini ijro qilishi lozim edi. Manzura o'zining eng sevimli ashulasini kuylab berdi. Muallimlar sel bo'ldi. Ashulani oxirgi nuqtasigacha bosh silkitgan holda, ba'zilari jilmayib tinglashdi. Manzura ham obrazga kirib ketdimi, ashula boshlagandanoq yaqino'tmishi ko'z oldida gavdalana boshlagandi. Qabrda mahtal yotgan ota-onasini eslab kuydi. Shubhasiz, bu tuyg'ularning barchasi ashulaga singdi. Murod ham kutmagan ekan. Ashula tugagani hamono azbaroyi quvonib, ta'sirlanib ketganidan yugura kelib Manzurani quchib oldi.
— Bu qizni biz konservatoriyaga qabul qilamiz, — dedi imtihon oluvchilarga rahbarlik qilayotgan yoshi yetmishlarga borgan muallim. — Qizim, sen xudo xohlasa, mening guruhimda o'qiysan. Mening ismim Vohid Azlarovich.
***
Manzura tanish ismni eshitdi-yu, ko'zlari chaqchaygancha bir muddat qotib qoldi. Chunki Vohid Azlarovich butun dunyoga mashhur bastakor, manaman degan san'atkorlar, hofizlar xuddi shu domlaning qo'lida ta'lim olgan. Eshitgandi, hamma aynan shu domlaning ta'limini olishga harakat qilarkan, yugurib-elib, kerak bo'lsa, tanish-bilishlarni ishga solarkan. Manzura esa birgina ashula bilan shu baxtga erishib tursa. Qanday baxt!..
— Sen asosan mumtoz yo'nalishda ijod qilishing kerak, — dedi domla Manzura chiqib ketayotganda, yelkasiga qoqib. — Sendan ajoyib bulbul chiqadi, ishon! Men o'sha bulbulni to'g'ri va yanada chiroyli, ravon kuylashga o'rgataman. Bardam bo'l, dangasalik qilib qo'yma!..
* * *
Ular Murod bilan birga konservatoriya ichkarisidan chiqib qator ekilgan archalar ro'parasiga kelishdi. Manzura hanuz hayajonlanishdan tiyila olmasdi. Uzun kipriklari pirpirab-pirpirab, ko'ngli bo'sh emasmi, lablari pulkillab ketayotgandi.
— Afsus, Botirniyam ola kelsak bo'larkan, — dedi Murod yo'ldan turnaqator bo'lib g'iz-g'iz o'tayotgan mashinalarga o'ychan boqib. — Bugungi natijangni uyam ko'rib xursand bo'lardi.
— Opkelmaganimiz yaxshi bo'ldi, — dedi Manzura. — Keyin eshitgani yaxshi. Murod aka, men sizning oldingizda xijolatda qoldim. Shuncha yaxshiliklar qilib tashladingiz. Qanday minnatdorchilik bildirishniyam bilmayman. Bu qarzimni umrimning oxirigachayam uzib tugata olmasam kerak.
— Uza olmaganing yaxshi-da, — suhbatni hazilga burdi Murod. — Tez uzib bo'lsang, boshqa prodyuserga ketib qolsang, men nima qilaman?
— Qo'ying-e, — qo'l siltadi Manzura. — Men undaylardan emasman.
— Hazillashdim… To'xta, senga bir syurprizim bor.
— Voy, yana qanaqa syurpriz?
— Hozir ko'rasan. Shu yerdan qimirlamay tur. Men hozir chiqaman!
— Xo'p.
Murod ildam qadamlar bilan konservatoriya ichkarisiga kirib ketdi. Oradan ikki-uch daqiqa o'tib-o'tmay, xotini Ro'zixonni yetaklab chiqdi.
***
Manzura hech narsaga tushunmasdi. Axir, ular Murod bilan birga kelishgan shaharga. Bu ayol qachon keldi-yu, qanday kelib qoldi bu yerga?..
Hali xayollarini bir nuqtaga jamlab ulgurmay, Murod va Ro'zixon unga yaqinlashib ulgurishdi.
— Mana, endi boshqatdan tanishasan ikkalang. Manzura, bu Ro'zixon opang. Ko'rgansan uyda necha marta. Lekin tanishib, gaplashmagansizlar. Faqat iltimos, kennoyi deb chaqirganingni eshitmay!
— Voy, nega? — Murodga hayrat aralash boqdi Manzura. — Nima deb chaqiraman unda?
— Nima deb chaqirarding? Opa deb chaqirasan. Bilasanmi nega?
Manzura battar hayratioshib bosh chayqadi.
— Ro'zixon, sen Manzurani taniysan, shundaymi?
— Albatta taniyman, — javob qildi Ro'zixon. — Uygayam necha marta borganlar.
— Bilasanmi, shu qiz mening ko'nglimga o'tirishdi. Shuning uchun Manzurani qiyomatli singlim dedim. Eshityapsanmi, Manzura, sen endi qiyomatli singlimsan. Rozimisan?
Manzura kutilmagan gaplarni eshitgach, butkul dovdirab qolgandi. Na jilmayishni, na javob qaytarishni bilardi. Nuqul goh Murodga, goh Ro'zixonga javdirardi.
— Albatta roziman, — dedi nihoyat sal o'zini qo'lga olib. Shu gapni aytdi-yu, ko'zlari jiqqa yoshga to'ldi. — Akam yo'g'idi, mana, xudoyim shunday mehribon, kuyinchak akaga uchrashtirdi.
— Manzuraxon, — endi Ro'zixon gap boshladi. — Akangizning singlisi bo'ladi-yu, meniki bo'lmaydimi? Menam sizni qiyomatli singlim dedim. Nima deysiz?..
***
Manzura shu tobda javob bera olmasdi. Javob berishga ojiz edi. Baribir o'zini idora eta olmadi. Beixtiyor Ro'zixonni mahkam quchoqlab oldi-yu, yig'lab yubordi.
— O'zimning hofiza singlimdan o'rgilay, — deya erkalardi Ro'zixon ham Manzuraga javoban yig'lamsirab. — Akangiz ikkovimiz sizday singlimiz bo'lishini orzu qilardik. Xudoyimga shukr, mana, topdik sizni! Dadasi, singlingiz bugun o'qishga kirdi hisob. Shunday emasmi?
— Albatta, — deya Manzuraning boshiga boshini qo'ydi Murod. — Bugun Manzura singiljonim kimsan Vohid Azlarovichning og'zini lang ochib qo'ydi. Eshitganingdaydi nimalar deganini! O'zi guruhimda o'qiysan dedi. Bilasanmi u domlaning guruhiga kirish qanday qiyinligini? Sattang-a boyvachchalarning bolalariyam yugurib yuradi orqasidan.
— Siz-da, — erini koyigan bo'ldi Ro'zixon. — Opkirsangiz bo'lardi-ku meniyam! Tanishlaringiz ekan hamma domlalar!
— Manzura hali ko'p hayron qoldiradi domlalarni. Keyingi safar albatta seniyam opkiraman.
— Akajon, — ilk bor shu so'zni tiliga ko'chirdi-yu, Manzuraning vujudi titrab ketgandek bo'ldi. — Endi menga ayting, opam biz bilan kelmagandi-ku shaharga! Qanday keldilar? Nega kelganlarini menga aytmadingiz?
— Buyam syurpriziydi. Atayin indamagandim senga. Opang hadeb qo'ng'iroq qilib boraman deyavergandan keyin shaharga keladigan bir tanishimdan iltimos qiluvdim. Sen ichkaridaligingda tashqariga chiqdim-u, esingdami?
***
— Ha, esimda. Lekin darrov qaytib kirgandingiz.
— O'shanda opangni kutib olib, ichkariga boshlab kirdim. Qarasam, sen suhbatga kirib ketibsan. Boshqa bir xonaga o'tqazib qo'ydim-da, ana undan keyin suhbat o'tayotgan xonaga kirdim.
— Men baxtiyorman, — dedi Manzura hamon Ro'zixonni qo'yib yuborgisi kelmay. — Endi meniyam akam, opam bor. Xudo xoxlasa, qishloqqa borsam, dugonalarimga rosa maqtanaman, mana ko'rasizlar!
— Sen hali-veri qishloqqa bormaysan, — dedi Murod birdan jiddiy tortib.
— Voy, nega?
— Chunki, boshida senga aytganman. Yo'q, uniyam qo'yib turing, hali, hurmatli singiljonim, oldinda sizni to'rt birday imtihon kutib turibdi. Ularni topshirishingiz kerak. Ana innaykeyin o'sha yaqinda aytgan gapim gap. Qachon mashhur hofiza bo'lsang, o'shanda men aynanqishlog'ingdan to'y olaman. Ana o'shanda kirib borasan. Dushmanlaring, anavi ammang, xullas, hammasi ko'rib qo'ysin! Aytgancha, senga bir gapni aytmabman. Seni mashinasida urib ketgan haydovchini oqlashdi. Ochig'i, o'zimniyam ko'nglim bo'lmadi uni qamatishga. O'zingam shunday deb tilxat yozib bergan ekansan. To'g'rimi?
— Ha, yozib bergandim. Chunki u kishida ayb yo'g'idi. Men o'zboshimchalik qilib mashinasining tagiga o'zimni otganman
— Xo'sh, umurtqang yaxshimi endi ancha? Yo azob beryaptimi?
— Ilkis qimirlab yuborsam, og'riydi. Lekin birinchi kunlardagidaymas.
— Juda yaxshi, hali ko'rmaganday bo'p ketasan. Qani, endiyam mashinaning tagiga o'zingni otib ko'r-chi, nima qilarkanman!..
— Aka, xijolat qilavermang odamni, — aybdorona yer chizdi Manzura. — Bir ahmoqlik qip qo'ydim-da! Aytgancha, aka, ammamniyam qo'yib yuborishlarini so'rab murojaat etgandim melisalarga. Xabaringiz bo'lmadimi? Qo'yvorishibdimi?
— Ha, — norozilanib boshini ters burdi Murod. — Yuribdiykan boshqa qishloqda. Qanaqadir qondoshi bormish o'sha yerda. Sen taniysanmi-yo'qmi… Xullas, o'sha qondoshinikidaymish… E, o'lib ketmaydimi? Qo'yaver, endi o'tmishni unut! Hammasi yaxshi bo'ladi. Qani, yaxshilar, adashmasam, singiljonimning suhbatdan o'tganini yuvmoqchiydik shekilli? To'g'rimi?
— Albatta, — dedi Manzurani mahkam quchib Ro'zixon. — Qani, opa-singilni bir mehmon qiling-chi, yaxshi yigit!..
Ular qo'l ushlashgancha taksi to'xtatish niyatida katta yo'l bo'yiga qarab jo'nashdi.
* * *
Uchchovlari kafeda ovqatlanishgach, istirohat bog'ini aylanishdi. Muzeylarga kirishdi. Xullas, to qosh qorayguncha sayr qilishdi. Manzuraning kesilgan joyi endi-endi og'riy boshladi. Buni ko'p piyoda yurib borganga yo'ydi-yu, chidadi.
Murod u kelajakda yashashi uchun konservatoriyaga yaqin joydan ijaraga kvartira ham topib qo'ygan ekan. Uchchovlari to'g'ri o'sha kvartiraga borishdi.
Qishloqda o'sgan emasmi, kvartira ichkarisi toza, shinamligini ko'rib, Manzuraning havasi ketdi. Ichida kelajakda shunday kvartirasi bo'lishini orzulab qo'ydi. Ammo buni yonidagilarga sezdirmadi.
Ro'zixon kelib picha nafas rostlagach, oshga unnay boshladi. Murod esa Manzurani yoniga o'tqazdi-da, atayin uzoqdan gap boshladi.
— Bu shaharning to'ylarini bir ko'rsayding, — dedi u derazadan tashqariga boqib. — Fayz deganning bari shu yerdagi to'ylarda. Tartib ham ko'ngildagidek. Ichkilik ichib kayfi oshsayam, biz tarafdagilarga o'xshab to'polon ko'tarishmaydi. Mahalla oqsoqolidan qo'rqishadi.
— E, qurib ketsin o'sha to'ylariyam, — qo'l siltab yuzini ters burdi Manzura. — Atayin ko'zimni kuydirish uchun to'ylarni maqtayapsizmi, akajon?
— Ha-da, — birdan jonlanib o'rnidan turib ketdi Murod. — Men nasib bo'lsa, gaplashib qo'yganman imtihonlaringniyam. E, Vohid Azlarovich ham qarab turmaydi. Xudo xohlasa, o'qishga kirib, sentyabrdan darslarni boshlaysan. Ammo gap bundayam emas. Men har hafta ikki martadan shaharga kelib turaman. Aytgandim-ku, raqqosa qizlar bor deb! O'shalardan xabar olaman! Shu bahonada to'ylarninfayzini olaman. Nima qilay? Tirikchilik-da! Endi asosiysini eshit… Qishgacha ancha ovozing ochilib, nafas mashqlarini o'zlashtirvolasan.
— Nega? — hayron bo'lib so'radi Manzura. — Sportchilikkayam o'rgatishadimi bu yerda?
— Qanaqa sportchi? — kulib yubordi Murod. — Ashulada birinchi bo'lib nafasni to'g'ri olib, chiqarishni o'zlashtirishing kerak. Shunday havaskorlar qatorida ashula aytganingda buni sezmaysan. Lekin professional hofizlar ishni ana shu nafas mashqidan boshlaydi. Hali o'zing ko'rarsan, domlalar maxsus dars o'tadi. «Ustoz ko'rgan hofiz» deb xuddi o'shandaylarni aytishadi. Ustoz ko'rgan hofiz mumtoz ashula bo'ladimi, zamonaviy estradami, baribir nafas olib, chiqarishni chuqur o'zlashtirgan bo'lishi kerak. Aks holda aytgan ashulasi chiroyli chiqmaydi.
— Ha-a, shunaqami? — deya aybdorona yer chizdi Manzura. — Aytishingizga qaraganda, ashula aytisham qiyin ishga o'xshab qoldi, aka.
— Kim senga oson dedi? Albatta qiyin. Ammo sen uddalay olasan. Olti oy shu yerda o'qigin, darrov seziladi o'zgarish. Qisqasi, singilginam, qishda xudo xohlasa, birga-birga to'yga chiqamiz. Lokigin bu gal ashulachi bo'lib borasan…
Murod va Ro'zixonlar shu kuni kechqurun qishloqqa jo'nashdi.
Manzura esa kvartirada qoldi.
U gaplashib qo'yilgan bo'lsa-da, imtihonlarga yaxshilab tayyorgarlik ko'rishi shart edi.
Akasi tayinlab ketgandi.
Davomi bor