Manzuraning yuragi baribir tinchlik bermasdi. Xayoliga turli-tuman bo'lar-bo'lmas o'ylar o'rlay boshladi.
«Nahotki, shu yo'lni tanlab adashgan bo'lsam? — o'ylardi u Murodning keng hovlisiga did bilan marmar yotqizib chiqilgan yo'lakcha orqali kirib borarkan. — Bu kishi zo'rlab qolsa nima bo'ladi? Anavi Husaniyam yeb qo'yguday termildi-ku! Keyin nima qilaman? Kimga dardimni aytaman? Pulam bermadi. Shunisidanam shubhalanayotgandim. Demak, hozir opkirvoladi-da, pul berishdan oldin shart qo'yadi. Bizminan yotasan deb turvoladi. Nima qilay? Qochib ketsam-chi? Shartta burilib orqa-ketimga qaramay chopsam-chi? Yo'q, baribir tutvolishadi bular… Bo'sh kelmayman. Qani, teginib ko'rishsin-chi, qo'limga kirgan narsaminan tushiraman…»
Yo'laklar tugab turnaqator uylar boshlangach, eshiklardan biri ochilib to'ladan kelgan, kelishgangina ayol tashqariga chiqdi. Uning ketidan ikki nafar 5-7 yosh oralig'idagi bola chiqib kelib yugurgancha Murodning bag'riga otilishdi. Shundan keyingina Manzuraning miyasiga yopishib olgan shubha-gumon, qo'rquv va vahima buluti baravar tarqadi.
Ha, ayol Murodning hasmi haloli ekan.
Manzurani ham iliq kutib oldi.
Murod Husan ikkovlarini boshqa bir xonaga taklif qildi.
Xotini va bolalari o'z xonalariga yo'l olishdi.
* * *
Ichkari juda go'zal ekan. Devorlar yoqimli rangga bo'yalgani qolib ajoyib suratlar chizilibdi. Xonadagi bir-biridan bo'ydor servantlarga billur, kumush idishlar chiroyli qilib terib chiqilibdi. Polga ham qalindan-qalin gilam to'shashibdi.
Manzura xonaga bir muddat havas bilan tikilib qoldi. Bu orada uy bekasi xontaxtaga dasturxon tuzab, chiroyli choynakda choy qo'yib ketdi.
— Ha-a, Manzura, — Murod uning xayolini bo'ldi. — Xona yoqdimi senga?
— Juda go'zal ekan, — dedi hiyla bosh egib Manzura. — Ajoyib!
— Senam xudo xohlasa bir kun keladiki, bundanam zo'r uylar qurasan. Ishon, albatta qurasan!..
— Murod aka, meni oborib tashlasalaring yaxshi bo'lardi, — dedi xavotir aralash Manzura beixtiyor betoqatlanib. — Vaqt ham allamahal bo'p ketdi.
— Borasan uyingga, ana, Husan tashlab qo'yadi… Ha, senga yana bir yangilikni aytmoqchiydim. Qara, xayol bo'linibdi. Birinchisi, bu mening uyim. O'zingam sezgandirsan. Boyagi ayol kennoying Surmaxon. Ikki toychoq mening bolalarim. Bo'sh vaqtingda kelib kennoying bilan gaplashib o'tirsangam yomon bo'lmaydi.
— Rahmat, — dedi Manzura asabiy lab tishlab. — Kelarman…
— Keyingi yangilik shuki, — davom etdi Murod Husanga ko'z qisib qo'yib. — Biz san'atkorlar to'ydan keyin albatta menikiga kelamiz. Vaqt allamahalligiga qarab o'tirilmaydi. Shu yerda bir piyola choy ustida boyagiday yig'ilgan pullar arra qilinadi. Qoidamiz shunaqa. Shuning uchun keyingi gal qo'rqib, vahimaga tushib o'tirmagin demoqchiman. Ha-a, mabodo to'y biz tomonlardan uzoqda bo'lsa, iloj yo'q, o'sha atrofdan tanishroq odamning uyida «Qism» qilishga to'g'ri keladi. Biroq bunaqasi kam bo'ladi.
— «Qism» dedingizmi? — so'radi Manzura qiziqsinib. — Nima degani u?
— «Qism» deganda xuddi shu bugungiday pul bo'lishishbo'lishish tushuniladi. Aytgandim-ku, biz san'atkorlarda shunaqa atamalar ko'p. Yo'l-yo'lakay tushunib olaverasan. Qani, o'rtoqlar, choyga qaranglar!..
Shu ko'yi oradan bir soatcha vaqt o'tdi. Murodning o'zi shaxsan tor ichidagi, doyra g'ilofi, katta qora sumka, qiyiqqa tugilgan pullarning hammasini gilam ustiga sochdi. Qolganlar tartib bilan, yirigini yirikka, maydasini maydaga qilib pullarni taxlashda yordamlashishdi. Keyin esa yana Murodning o'zi Husanga, Manzuraga, o'ziga deganday… Pullarin taqsimlab chiqdi. Manzura qo'liga shuncha pul tushganini ko'rgani hamono sevinchdanmi, xavotirdanmi, naq yorilay derdi. Halitdan bu pullarni qaerga qo'yishni, qanday sarflashni bilmay halak edi.
— Pullarning, — dedi Murod. — Hammasi berilmaydi. Yarmisini beraman. Qolgan yarmi menikida turadi. Aytgandim-ku, ammang juda olg'ir ayol ekan. Hammasini qo'liga tutqazgan taqdiringdayam minnatdor bo'lmaydi. Ko'proq so'ray boshlaydi. Axir, bu adolatdan emas-da! Mehnatni sen qilsang-u, huzurini ammang ko'radimi? Bekorning beshtasini aytibdi. Qo'rqma, men servantning bir chetiga tashlab qo'yaveraman pullaringni. Sal yo'lingni to'g'rilab olganingdan keyin olib ishlataverasan. Ma'qulmi?
Manzura mamnun bosh irg'adi.
— Unda fotiha qilaylik, — deya ikki qo'lini yuqoriga ko'tardi Murod. Qolganlar ham qo'llarini duoga ochishdi. — Iloyim, beraridan qismasin! Fayzini bersin, Ollohu Akbar!.. Endi do'stlar bir narsani aytay. A'zam qovun tushirganini ko'rdingiz. Insof qilib uniyam ulushini opqo'yganimniyam ko'rdingiz. Mayli-da, umid bilan borgandi. Lekin ertadan boshlab A'zam bilan ishlamaymiz. Xursandbek degan yosh hofiz bola bor. O'shani olib yuramiz to'ylarga. U haqiqiy hofiz. Bozor hofizdan sira qolishmaydi. Jonli aytishni qiyib qo'yadi. Rozimisizlar?
— Albatta rozimiz, — kulib javob berdi Husan usilitelchi. — Xursandning ashulalarini ko'p eshitganman menam. Nolani sindirvoradi o'ziyam. Manzuraxon buyog'idan raqsni sindirib tursalar, Xursandbek nola qip tursa, oshig'imiz olchi-da, aka!..
— Ha, haqsan, — dedi Murod. — Nasib bo'lsa, endi bugungiday gapga qolmaymiz. Xo'-o'sh, hamma gaplar aytildi. Qism tugatildi. Endi… Ertaga dam. Indinga «Tomsuvoq»qa boramiz. Bu atamaning ma'nisini aytgandim-a, Manzura?
— Ha, aytgansiz. O'rtadagi pulnigina olamiz. Zaklad olinmaydi.
— Barakalla. Nima qilaylik? Har zamonda shunaqasiyam bo'p turadi. Indin boradiganimiz qadrdon akaxonlardaniydi. Borasan deb turib olgan. Lekin oshna-og'aynilari bitib ketgan boyvachchalar. «Tim bo'liy» nevarasiga sunnat qilyapti. Katta bazm bo'ladi. Ana shu bazmning fayzini xudo xohlasa biz olamiz. Bo'pti, Husan, Manzura singlimizni darvozasigacha oborib qo'y!
— Xo'p bo'ladi, aka!
* * *
Murodning qishlog'i bilan Manzura yashaydigan mahalla orasi ancha uzoq edi.
U orqa o'rindiqda o'tirgancha jim ketib borardi. Ora-sirada sumkachasini to'ldirib turgan pullarni ushlab-ushlab qo'yar, har gal yuragi hovliqib, ajabtovur holatga tushardi.
«Bitta to'yda shunchadan pul topsa, odam boyib ketishi hech gapmas, o'ylardi o'zicha. — Shuning uchunam Murod aka uyini qasr qip tashlabdi-da! To'g'ri, u bitta bu «sastav»minan yurmaydi-ku! To'rt-beshta guruhi borakan. Albatta boyiydi. Pullarimning yarmisini olib qo'ygani yaxshi bo'ldi. Bo'lmasa, ammam yashshamagur tiyin-tiyinigacha tortib olardi. Zaharni olsin!..»
Bir mahal mashina taqqa to'xtadi-yu, Manzura seskanib oynadan tashqariga boqdi. Atrofda zulmat hukmron edi. Qaysidir qishloq yo'lida to'xtashibdi. Ikki yon qayrag'ochlardangina iborat. Nega to'xtadi? Tinchlikmikan?..
Husan bir muddat rulga boshini tirab turdi-da, qo'qqisdan eshikni ochib pastga tushdi.
«Buzildi shekilli mashinasi, — ko'nglidan o'tkazdi Manzura. — Qurib ketsin, endi nima bo'ladi? Piyoda ketamanmi uygacha? Hali ancha bor-ku!..»
Xayollarini yig'ishtirib ulgurmay, Husan orqa o'rindiq eshigini ochdi va Manzuraning yoniga o'tirib oldi.
Qizning bo'lari bo'layozdi. Bir necha soniya ichida miyasiga turli-tuman bo'lmag'ur xayollar o'rlab ulgurdi. Lekin qo'rqish, baqirishdan naf yo'q. Dodini hech kim eshitmaydi baribir.
— Nega o'tirdingiz? — so'radi Manzura darrov narigi chetga surilib. — Nima bo'ldi?
— Manzura, — dedi harsillash aralash Husan. Va uning bilagiga qo'l yubordi. Ammo Manzura qo'lini tortib oldi. — To'yda senga qarab o'tirib juda havasim ketgandi. Ortiq chiday olmayman. Mana shu bilaklaringni bo'ynimga solib o'zingni mahkam quchoqlab yotishni xohlayman. Kel, jonim, bu yerlarda hech zog' yo'q. Birov ko'rmaydi. Kelaqol, bir maza qilaylik o'tkinchi dunyoda!..
«Erkak zotining bari bir go'r ekan-da, — o'ylardi Manzura. — Hammasi faqat bir narsani o'ylaydi. Shundan boshqa dardi yo'q. Endi nima degan odam bo'laman? Dugonalarim bilib qolishsa, Murod aka eshitsa, qay ahvolga tushaman? Nega hamma balo menga yog'ilaveradi, xudoyim? Nega bordim o'sha to'y zormandasiga? Tinchgina birovlarning idishini yuvib yurovdim-ku! Birov mushugimni pisht demasdi. Demak, raqqosami, tamom, u buzuqi ekan-da!..»
— Husan aka, — dedi Manzura yig'lamsirab. — Unday qilmang, jon aka! Men unday qizlardan emasman, ishoning! Men faqat san'atni jondan sevganim uchun bordim shu to'yiga! Ishoning, men yengiltak qizmasman! Ayting, tasavvur qiling, men sizning tug'ishgan singlingizman. Murod aka menga xuddi sizday teginsa, nima qilardingiz?
Bu savol, gap qanday Manzuraning miyasiga keldi, bilmasdi. Ammo Husan shu gap, savoldan so'ng bo'shashdi va o'zini nari oldi.
— Kechirib qo'yasan, — dedi u kulimsirab. — Seni tekshirib ko'rmoqchi bo'lgandim. Iltimos qilishgandi. Gap yo'q, ofarin! Mana, endi ishondim haqiqatan pokligingga! Hamisha shundayligingcha qolgin!
— Tushungan odam ekansiz, rahmat, — dedi Manzura hanuz vujudi titrashdan to'xtamay. — Lekin bilib qo'ying, milyon marta sinaganingizdayam shu turishim turish. Men o'zgarmayman.
— Senga rahmat! — dedi Husan epchillik bilan o'z o'rniga o'tib o'tirarkan. — Senga hurmatim ortdi. Agar boshida san'atingga besh ketgan bo'lsam, bugun xulqingga qoyil qoldim! Otangga rahmat seni dunyoga keltirgan! Ha, bizning qishloqqizlari xuddi senday bo'lishi kerak! Xo'sh, ketdikmi, raqqosa?
— Ketdik, — dedi Manzura ko'ngli ancha yorishib. — Uyimgacha oborib qo'yishga va'da bergansiz!
— Oboramiz!..
* * *
Darvoza ochiq edi. Husan jo'nab ketgandan keyin ham Manzura bir necha daqiqa ko'cha yuzida turib qoldi.
Boyagina bo'lib o'tgan xunuk ishlarni ko'z oldiga keltirdi. Husandan Murod iltimos qilganiga sira shubhasi qolmadi.
Demak, ular har yo'lini qilib tekshirisharkan-da! Yaxshiki, yengiltak emas, boshqasi bo'lsa, Husanning tagiga yotardi-qo'yardi. Keyin esa…
— Ha, nega qaqqayib turibsan ko'chada?..
Manzura ammasining tashqariga chiqqanini ham payqamay qolibdi. Seskanib boshini ko'tardi-da, ichkariga yo'naldi.
— Shu yerda turib nafas rostlab olsam devdim-da, amma, — dedi u majburan bo'lsa-da, kulimsirab. — Yuring uyga!
Hovliga qadam qo'yganlari hamono Bozorgul ammasi darvozani tambaladi-da, Manzuraning oldini to'sdi.
— Pul qani? — baqraydi u jiyaniga. — Nega qarab turibsan? Pulni chiqar!..
Shu ishi ayni pallada Manzuraga biram alam qildi, qo'yib berishsa, ammasini yumdalab tashlashga tayyor turdi. Afsuski, unday qila olmaydi. Shu ayol uni go'dakligidan yaxshimi-yomonmi, ishqilib parvarishlagan. Betiga qarab qarshi so'z aytsa xudoning g'azabi kelishini biladi…
Manzura shosha-pisha sumkachasidagi pullarni ammasiga tutqazdi. Bozorgul xuddi hozir qo'lidagini birov olib qo'yadigandek pullarni qo'yniga tiqdi. Lekin bir tuki o'zgarmadi. Manzuraga alamli boqishni bas qilmadi.
— Ertalab mahalladagilar chiqadi, — dedi u o'z xonasi tomon yurishga chog'lanib. — Seni muhokama qilishmoqchi. Enangni uchqo'rg'ondan ko'rasan endi. Ammo bo'sh kelma! Qara, bir kechada shuncha pul topibsan! Xo'p-xo'p degin-u, bilganingni qilaver!
— Mahalladagilar? Nega meni muhokama qilishadi? Men nima yomonlik qildim ularga?
— Bizning qishloqdan yallachi chiqishi kerakmasakan. Ana shuni muhokama qilishadi.
— Siz tarafimni olmaysizmi?
— Jinni bo'lganmisan, ovsar? Kim bo'psanki, tarafingni olsam? Qolaversa, yallachilikni tanlagan o'zingsan. Javobiniyam o'zing berasan-da, g'alcha!.. Menga qara, eshitishmcha, shu yo'ldan qaytmasang, mahalladan badarg'a qilisharmish. Xo'sh, haydalishga tayyormisan?
— Haydashsa haydashaversin, — dedi yig'lamsirab Manzura. — Mening birovga yomonligim yo'q. Buzuqlik ham qilib yurganim yo'q. Men san'atdan kechmayman!..
— Unda eshitvol, basharti haydab solishsa, adris-padrisingni qoldirib ket! Qoldirmasakansan, milisaminan borib bo'lsayam topaman-da, go'shtingga somon tiqtiraman! Seni katta qilganlarimning haqini to'laysan baribir! Tushundingmi?..
Manzuraga ammaning mana shu gaplari juda alam qildi. Bu uyda naqadar qadrsizligini endi-endi chuqurroq anglagandek bo'ldi.
Bozorgulga ko'zlarida jiqqa yosh bilan alamli qarab turdi-da, ho'ngrab yig'lagancha xonasiga kirib ketdi.
* * *
Bu tun hatto o'z xonasi ham xuddi qabristonni eslatardi. Xona devorlari, deraza, har bir burchak Manzuraning ko'ziga balodek ko'rina boshlagandi.
Shu ko'yi chamasi ikki soatchako'z yummadi. Yotgan yerida qayg'urdi, alam chekdi, ammasini xayolan qarg'adi. Ota va onasining arvohlarini xayolan qoshiga chorladi. Ulardan najot tiladi. Yo'l ko'rsatishlarini so'radi. Afsuski, hanuz sukunat hukmini o'tkazardi. Arvohlar hadeganda bo'y ko'rsatavermas, hatto belgi ham berishmasdi.
Manzura tunni ana shunday zulmat, sukunat va alamda o'tkazdi. Tong yorishib, uzoq-yaqindan xo'rozlar qichqirig'i quloqqa chalina boshladi. Mahalla so'fisi Mo'min kal cho'zib azon chaqirdi. Manzura esa daqiqa sayin, soniya sayin ruhan haydalishga, haqoratlarga, achchiq qismat yetovlariga o'zini tayyorladi. Bilardi, Rabotqishloqning chollari, kampirlari, nuroniylari qishloqdan yallachi chiqishini hech qachon hazm qila olishmaydi. Ular buni sharmandalik va shirk deb atashadi. Chol-u kampirlarga zamonni ham, davrni-yu, san'atni ham uqtirib bo'lmaydi. Shularni bilgani uchun Manzura shoshilmasdan o'rnidan qo'zg'aldi-da, eng kerakli buyumlarini xaltachaga joyladi. Shu asnoda qachonlardir o'zi tomosha qilgan bir filmni ko'z oldiga keltirdi. Film olis tarixda bo'lib o'tgan voqeadan so'zlardi. Haqiqat izlagan, zamon bilan hamnafas yashashini istagan shoirni qishloq ahli toshbo'ron qilgandi o'shanda. Shoir sho'rlikning tilinmagan, yorilmagan, qon chiqmagan yeri qolmagandi. Nahotki, uni ham o'sha shoirning kuniga solishsa? Yo'q, hozirgi zamon unday zo'ravonliklarni ko'tarmaydi. Biroq qishloqdagilar uning yallachilik qilishiga, to'yma-to'y kezishiga ham tek qarab turmaydi. Juda bo'lmaganda, g'iybatini qilishadi, ko'chaga chiqsa, ko'rsatkich barmoqlarini bigiz qilgancha bir-birlariga ko'rsatishadi, yonidan o'tadigani borki, atayin ovoz chiqarib qarg'aydi, haqoratlaydi, tahqirlaydi. Xo'sh, shundaylar orasida yashab bo'ladimi? Yo'q, albatta. Bunday yashagandan Manzura o'zini Bachqirariqmi, kollektormi, ishqilib, suvi pishqirib oqadigan biror anhorga tashlab cho'kkani ma'qul…
* * *
Tong butkul yorishib, ko'chalarni sigir-buzoqlarning mo''rashi tutgan bir paytda Manzura ko'chaga kiyiladigan kiyimlarini egniga ildi-da, ehtiyot shart yana bir bor buyumlar joylangan xaltani ko'zdan kechirib oldi. Keyin esa qo'l telefonini olib soatiga qaradi. Sakkiz yarimdan oshibdi.
Beixtiyor Murodning raqamini terdi. U ham uzoq kutdirmadi.
Darrov go'shakni oldi.
— Ha, Manzura, nima gap? — so'radi u uyqusiraganroq tovushda. — Tinchlikmi?
— Aka, meni qishloqdagilar haydab solisharmish, — dedi Manzura o'pkasi to'lib. — Nima qilishni bilmay qoldim. Halizamon qishloq kattalari chiqisharmish. Ammam meni himoya qilmasmish. Haydashsa, quriysan, ammo biror yerga joylashganingdan keyin adrisingni berasan, bermasang, melisaga aytib kuningni ko'rsattiraman deyapti.
— Shunaqami? Chiqishdimi kattalar o'zi?
— Yo'q, hademay chiqib qolishsa kerak.
— Sen hadeb xavotirga tushaverma! Chiqishsin, gapirishsin. Haydab solishsa, menga qo'ng'iroq qil! Ammangdan qo'rqma! Uni yo'lga solvolamiz. Mulla mingan eshakday yuvoshtirib qo'yamiz. Sen qo'rqma, siqilma! Hozirgi zamonda vallomatiyam odamni o'zuyidan haydab sola olmaydi. U zamonlar o'tib ketgan. Asosiysi-chi, o'sha oqsoqoligayam, kattasigayam tilingni berma! Haqqingni talab qil! Ie, nima haqqi bor ularning? Qo'rqma, singil, hammasi yaxshi bo'ladi!.. Vey, singil, yaxshisi, meni kut! O'zim bormasam bo'lmaydiganga o'xshayapti gapingdan. Ketib qolma, kut meni!..
— Rahmat sizga, Murod aka, — dedi yig'lashdan arang tiyilib Manzura. — Ko'nglimni ko'tardingiz. Kechasiminan shu yashshamagurlarni deb umuman ko'z yummadim.
— Bo'pti, siqilma, hozir yetib boraman!..
* * *
Bozorgul ammasi qatiq olish uchun qo'shninikiga kirib ketgan ekan. Hovliga qaytdi-yu, Manzuraning yasanib olganini ko'rib, gezardi. Labini beo'xshov burgancha indamay yonidan o'tib ketdi va zumda qatig'ini tandirxonaga tashlab ortga qaytdi.
— Nimani kutyapsan? — baland ovozda so'radi u Manzuraga yaqin kelib. — Ketavermaysanmi boshing oqqan tarafga? Ammo qaytib bu uyda qorangni ko'rmay!
— Amma, bu nima deganingiz? — bo'sh kelmadi Manzura ham. — Bu mening uyim bo'lsa, ota-onamdan qolgan uyim-ku! Nega ega chiqaverasiz?
— Otang rahmatli, ha, o'sha Pirimqul mening ukam bo'ladi, bildingmi?!. U uyni menga vasiyat qip ketgan! Bor, yallachiligingni qilib pul top! Adris-padrisingni tashlab ketishniyam unutma!
— Ketmasam-chi? — Manzura beixtiyor qaysarligi tutdi-yu, sira tap tortmay ammasiga yaqinlashdi. — Unda nima qilasiz? Urasizmi? Kuchingiz yetadimi o'zi?
— Ie, voy baloga yo'liqqur-ey, — Bozorgul azbaroyi tutoqib ketganidan bir qadam oldinga tashladi. — Hali bu hunaringam bormi? Kechqurun bir siqim harom pullaringni bergan kishi bo'lib menga qo'l ham ko'tarmoqchimisan? Ana endi o'zingdan ko'r, ko'rnamak, yetim! Ana endi kuningni ko'rsataman!..
Bozorgul zarda aralash boshidagi durrasini yechib yerga otdi-da, oqargan, pataklashgan sochlarini yulib bor ovozda baqira boshladi.
— Voy-do-od, qutqaringla-ar, yaxshilar! Kim bo-or? O'ldirib qo'yadi meni bu megaji-in! Yordam beringla-ar!..
Manzura ammasining bu taxlit «hunar» larini ilgari ham ko'p ko'rgan. Lekin har gal qo'shnilar chiqib Manzurani qoralayverishardi. Kaltak yegan, haqoratlarga ko'milgan u bo'lardi-yu, tanbehlarni ham o'zi eshitardi. Ammasi esa ko'ringanning rahmini keltirib, uv tortgancha yig'lashdan, arz-dod qilishdan nariga o'tmasdi.
Manzura ammaning hayqiriqlarini eshitgandayoq tosh qotib qolgandi. Faqat atrofga alanglar, qo'shnilar chiqishini, boshiga ne kunlar tushishini alaq-jalaq fahmlardi.
Kutilganidek, darvozaning kichik eshigi ochildi-yu, hovliga birinchi bo'lib Xursand oqsoqol, ketidan yana uch chog'li qariya kirdi. Ularning ortidan qo'shni juvonlar o'zlarini ichkariga urishdi.
Manzura hanuz tosh qotgancha turar, tizzalari bilinar-bilinmas titrardi.
— Ana, anavi yetimcha yetti ko'cha meni itarvordi chuqurga! — oqsoqol o'ziga yaqinlashishi bilan Bozorgul sira tap tortmay, oyoqlarini ko'z-ko'z qila ketdi. — Mana, buva, yaralarni ko'ryapsizmi? Ko'kartirvordi oyoqlarimni!
Xursand oqsoqol yonidagilarga ma'noli qarab qo'ydi-da, asta Manzuraga yaqin keldi.Uning nafratga qorishiq o'tkir nigohlarini ilg'ab olish qiyin emasdi. Bunga qo'shni juvonlarning Manzuraga qarata yog'dira boshlagan qarg'ishlari qo'shimcha bo'lib battar qovog'i uyildi.
— Biz seni juda odobli, og'ir-bosiq, o'zini tutvolgan qiz deb o'ylardik, — dedi u Manzuraga tahdidli ohangda. — Qip-qizil yallachi ekaningni sira bilmas ekanmiz-da-a? Qay go'rda orttira qolding bu hunarni?..
— Voy, yashshamagur-ey, — qo'shimcha qildi qo'shni ayollardan biri. — Bunaqalar uyatni bilarmidi?!. Buzuqlik qip kelgani yetmay, shunday beozor Bozorgul opani do'pposlagan bo'lsa, xudo uradi o'ziniyam hali!
— Sen tilingga erk beraverma, Xosiyat, — deya juvonni koyib berdi oqsoqol. — Borlaring uy-uyingga!.. Xo'sh, qizim, javob berasanmi?
— Bu hunarmas, bobo, — dedi Manzura hiyol boshini egib. — Bu san'at! Men o'z san'atimdan voz kechmoqchi emasman!
— Bizning qishloqda yallachi deganidan jirkanishlarini bilarmiding?
— Men jirkanadigan hech ish qilganimcha yo'q. Ammamga kelsak, bor pulimni kechasiyoq tortib olgan. Endi uyga, mana shu ota-onamdan qolgan uyga ega chiqmasligim uchun «jalochi»ligini solyapti. Qichqiryapti!
— Shunaqa degin? — oqsoqolning qovog'i battar uyildi. — Mana shu ammang seni go'dakligingdan opichlab katta qilgan, shuni bilasanmi?!.
— Qanaqa katta qilganini hammangiz bilasiz. Uzzukun ko'chalarda, ostonada o'tirib qon yig'laganlarimniyam, birovlarning uyida axlatini tashib, it yalog'igacha yuvganlarimniyam juda yaxshi bilasizlar.
— Menga qara, — dedi oqsoqol toqati toq bo'la boshlaganini ochiq namoyish etishdan tiyila olmay. — Baribir sen nohaqsan. Uradimi, so'kadimi, boshingdan mag'zava quyadimi, xo'p, siz haqsiz deb bosh egishing kerak. Ota-enang rahmatlidan keyin shu Bozorgul senga ham ota, ham enalik qilgan. Qayoqdagi gaplarni gapirib bizning boshimizni qotirma! Undan ko'ra, qulog'ingga quyib ol, agar bugundan boshlab yana yallachilikka boradigan bo'lsang, hozir aytib qo'yaqol! Bizning ortiqcha vaqtimiz yo'q sendaqalar bilan pachakilashib o'tirishga.
— Boraman, — dedi Manzura bor nafratini ko'z qarashlari orqali ifoda etib. — To'yga aytishsa, albatta boraman. Siz aytgan zamonlar o'tib ketgan! Qani, meni o'z uyimdan haydab ko'rsin-chi, birov!.. Melisaga, prokurorlarga yig'lab boraman! Nima bo'lsam bo'laman! Manavi xotinni amma deyishgayam or qilaman! Chiqib ketsin uyimdan! Chiqib ketsin!..
— Astag'firillo, — deya oh tortib yubordi oqsoqol. — Bu qiz g'irt shaytonning enasi ekan-ku! Boqib katta qilgan odamni haydayapti-ya! Astag'firillo!..
Oqsoqol ham, yonidagilar ham garchi Manzurani ko'rishga ko'z topa olishmayotgan bo'lsa-da, baribir tinchini o'ylay boshlashgandi. Militsiya, prokuror degan so'zlar oraga qo'shilgach, orqadagi qariyalar ikki qadamdan ortga tislanib ham olishdi. Manzura bu harakatlarni juda yaxshi ilg'ab turardi.
— Endi uyimni bo'shatib qo'ylaring! — Manzura shu tobda shartaki, yuzsiz qiyofaga kirishga majburligini aniq sezib turardi. Chunki bu odamlar bilan boshqachasiga gaplashib, ularga haqiqatni uqtirib bo'lmaydi.Nega turib qoldilaring? Kim bo'lsangam, men uchun hech kimsan! Manavi ammam esa kecha tortib olgan pullarimni buyoqqa bersin! Boqqan bo'lsa, keragidanam oshirib xizmatini qip qo'yganman! Endi yo'qolsin menikidan uyam! Hech biringni ko'rishga ko'zim yo'q! Yo'qo-ollaring!!!
Hovlidagilar, oqsoqoldan tortib Bozorgulgacha Manzuraning gezargan rangi, vajohatini ko'rib rosmanasiga bezovtalanib qolishgandi. Oqsoqol va qariyalar birovning uyida o'zini xo'jayindek tutish mumkin emasligini idrok etgan bo'lsa, Bozorgul qo'rqa boshlagandi. U oqsoqol ketmasligini istardi. Lekin bu holat uzoqqa cho'zilmadi. Xursand oqsoqol harqalay sir boy bergisi kelmadimi, qalin qoshlarini uchira-uchira yo'liga bo'lsa-da, ko'kka boqib yuziga fotiha tortib oldi va qaytadan Manzuraga yuzlandi.
— Qizim, seni ranjitib qo'ydik shekilli. Qo'y, achchiq kelganda aql ketadi-da! Nima qilasan melisa-yu, prokurorlarni oraga qo'shib, behuda ovora qilib. Pulingni… Endi u masalani o'zaro kelishaverasizlar! Lokigin, ammangni haydama, jon qizim! Nima bo'lgandayam otangdan qolgan yodgor. Otang rahmatlining ruhi chirqillaydi-ya! Mayli, xo'p desang, qishloq yigitlarini aytaman, o'rtangizga devor qurib beradi. Yashayverasizlar alohida-alohida! Nima deysan?..
Manzura javob berib ulgurmay, hovliga hovliqqancha Murod kirib keldi. Ko'chadan turib baqir-chaqirlarni eshitganmi, jiddiy qiyofada Manzuraga yaqin keldi-da, qariyalarga istar-istamas bosh qimirlatgan ko'yi salom berdi. Xursand oqsoqol uni tanirdi. O'zini yanada noqulay seza boshladimi, yonidagilarga boshi bilan «ketdik» ishorasini qildi-yu, tashqariga zipilladi.
Qolganlar uning ketidan ergashdi.
* * *
Murod Bozorgulga yuzlanishdan oldin cho'ntagidan qo'l telefonini oldi-da, kimgadir qo'ng'iroq qildi.
Hali telefonni qaytadan cho'ntakka urib ulgurmay, hovliga to'rt barzangi kirib keldi. Ularni ko'ribmi, qo'shni juvonlar bir-birlariga sirli ishoralar qilgancha ko'chaga zipillashdi. Bozorgul ham allaqachon shashtidan tushgan, baqirmas, aksincha eshitilar-eshitilmas hiqillashga o'tgandi.
Murod barzangilarga bir ko'z qisib olgach, Manzuraga yuzlandi.
— Ha, singlim, nima bo'ldi? O'zing ayt-chi?
— Meni qishloqdanam, uydanam haydamoqchi anavi xotin, — ammasini ko'rsatdi Manzura yig'lamsirab. — Kechasidan beri qonimni ichib tashladi.
— Shunaqami? Xo'sh, yanga, nega bunday qildingiz? O'tgan kuni gaplashgandik-ku sizminan!
Bozorgul miq etmadi. Javob qaytarish o'rniga krepdishin ko'ylagining bir yengiga go'yoki ko'z yoshlarini artib olish bilan kifoyalandi.
— Manzura, — — dedi Murod qat'iy ohangda. — Bu uyda sen yashamaydigan bo'lsang, boshqalar ham yashamaydi. Hozir narsalaringni olasan-u, biz bilan ketasan. Seni boshqa uyga joylashtiraman. Hovlini esa qulflab ketamiz. O'v, yanga, tez ashqol-dashqollaringizni oling-da, suring bettan! Shunday qotib turaversangiz, hozir mana bu yigitlarga aytaman, surobingizni to'g'rilab qo'yishadi. Aytgancha, Manzura, pullarni berganmiding kecha bu xotinga?
— Ha, — dedi Manzura ammasi tarafga zimdannazar tashlab olib. — Tiyin-tiyinigacha tortvolgan.
— Qani, yanga, pullarni egasiga qaytaring! U pullarni siz ishlab topmagansiz. Bo'ling dedim!
Bozorgul Murodning qichqirig'idan bir seskanib oldi-yu, pildiragancha ichkariga kirib ketdi. Ikki marta kiprik qoqqanchalik vaqt o'tdi yo o'tmadi, qaytib chiqib bir dasta pulni Manzuraga tutqazdi.
U chit ro'molga allanimalarni tugib olibdi. Pulni bergach, tugunni imi-jimida qo'ltig'iga qisib ko'chaga yo'l oldi.
* * *
Davomi bor. ..