Voqealar tizimi salgina tushunarliroq
bo‘lmog‘i uchun, yigirma yil ortga
qaytishimizga to‘g‘ri keladi.
O‘shanda Karimjon o‘n besh yashar
o‘spirin edi.
Fasli yoz edi. Xo‘jalikdan o‘ttiz chaqirimcha olisda
joylashgan, ko‘p yillar harbiy qism
jangchilari tanklar bilan mashg‘ulotlar
o‘tkazgani sababli aholi orasida
“tankodrom” nomi bilan mashhur uch
yuz gektardan oshiqroq ulkan hudud o‘zlashtiriladigan bo‘ldi.
Harbiy qism boshqa viloyatga ko‘chib
ketgach, bu yerga tikilgan uch-to‘rt
chaylaning bittasida Karimjon
tengdoshlari bilan istiqomat qilardi.
Ular bu yerga maktablik kiyimlari va darsliklar uchun uch-to‘rt so‘m pul
ishlash ilinjida kelishgan edi. Ularning
vazifasi haydalgan yerni tekislash,
o‘tlarni chopish, yuzaga chiqib qolgan
temir-tersaklarni terib, bir chekkaga
yig‘ish edi. O‘smirlarga Akmal ismli qirqlarga borib
qolgan, shu yoshida bezoriligi uchun
ikki marta “o‘tirib chiqishga” ham
ulgurgan, badaniga turli rasmlarni
chizib tashlagan zo‘ravon battol naq
eshakday keladigan “Baron” laqabli kuchugi bilan brigadirlik qilardi.
Aftidan, xo‘jalik raisi ham bezori
Akmalning uzoqroq yurishini istab
shu yoqlarga surgun qilgandi...
O‘, bu Akmal deganlarining xurmacha
qiliqlari! Akmal brigadir Oliya ismli indamas
xotini va o‘n to‘rt yashar qizi Nazokat
bilan “tankodrom”ning narigi
chekkasidagi chaylada yashardi.
Tuni bilan aroq ichib, bo‘ralatib
so‘kinib, uyidagilarni uxlatmay zit titratib chiqadigan bu hirsday
baquvvat, buning ustiga to‘rva soqol
qo‘yib, jundor yalang‘och
ko‘kraginiyu badanidagi behayo
rasmlarni namoyish qilganday faqat
maykada yuradigan, ayniqsa butun yuzini kesib o‘tgan tirtig‘i yanada
vahimali ko‘rsatadigan daroz Akmal
aka odamga teshib yuborgudek tik
qarab turaverar, mabodo o‘ziga
nisbatan biron e’tirozni eshitib
qolgudek bo‘lsa, darrov zalvorli mushtini ishga solib qolardi.
Odatda, ichib olgan Akmal daroz
(darvoqe, bolalar uni orqavoratdan
“Ajal” deb chaqirishardi) tong
saharda, hali quyosh ufqda yuz
ko‘rsatmasdan kelib bolalarni uyg‘otardi. To‘g‘rirog‘i, u bolalarni
uyg‘otib o‘tirmas, balki katta paqirda
atay ko‘tarib kelgan muzday suvni
ularning ustiga separdi... Ana shundan
keyin bir-ikkita ortga qolganlarni
Baroniga “ol-kish”latib o‘tirardi. Masxara shu bilangina tugab
qolmasdi. Akmal daroz erinmasdan
bolalarning ishini nazorat qilib yurar,
birontasi sal dangasalik qilib qolsa,
balo-qazoday uning ustiga bostirib
borardi-da, qo‘lidagi quroli — yer haydash payti “tankodrom”dan topib
olgan odam boldir suyagini azot
ko‘targancha:
— Seni o‘ldirib, shu yerga ko‘mib
ketaman. Oradan ellik yildan keyin
manavinga o‘xshab har joy-har joydan suyaklaring chiqadi! — deb
bo‘kirardi. — Yo bo‘lmasa hozir
o‘ldirib, go‘shtingni Baronga
yediraman!
Shunday lahzalari uning chaqchaygan,
qon to‘lgan ko‘zlariga qarab turib ham Akmal daroz bu va’dasining ustidan
chiqishiga ishonsa bo‘lardi.
Brigadirning yana bir yomon odati bor
edi: u odatda o‘ziga va kuchugiga
alohida qozonda, sersuyak ovqat
qildirardi. Akmal darozdan qolgan go‘sht va yarim qozon suyakning
huzurini Baron ko‘rardi.
Xullas, Akmal daroz bolalarni bir oy
mobaynida quldek ezib ishlatdi...
Vaziyat shu darajaga borib yetdiki,
oxiri bolalar kuchugi hamrohligidagi Akmalni ko‘rishsa bas, qaltiraydigan
bo‘lib qolishdi. Ularning chekka-
chekkadagi qo‘rqa-pisa shivir-
shivirlariga qaraganda, Ajal hatto
odamxo‘rlikdan ham qaytmas emish.
Buni u qamoqxonada o‘rgangan emish...
Darozga esa xuddi shu kerak edi.
U battar quturib ketdi...
Falakning g‘aroyib, qovushmagan
ishlarini qarang! Mana shu
badbashara Akmal daroz va umri kaltak yeyishda o‘tayotgan
mushtipargina xotini Oliya opaning
farzandi Nazokat... ertaklardagi pari
misoli suluv edi.
Oppoq yuz, kipriklari uzun-uzun,
charos ko‘zli, silliq, yaltiroq sochlari taqimini o‘padigan Nazokat yovvoyi
dalaga adashib tushib qolgan atirgul
yoinki endi ochilib kelayotgan
g‘uncha misoli ajralib turardi...
Ablah Akmal daroz hatto shu qiziga
ham qo‘l ko‘tarardi. O‘, Karimjonning o‘zi necha
marotabalab ko‘rgan mushfiq qizning
chekka-chekkada yum-yum yig‘lab
o‘tirganlarini...
Karimjon qizga chin dildan achinar edi.
Ammo qo‘lidan achinishdan boshqa nima ham kelardi.
Akmal daroz hammaning jonini olib
qo‘ygan bo‘lsa...
Karimjon qatorasiga uch kecha shu
qizni tushida ko‘rib chiqdi. Sho‘rlik
zor-zor yig‘lab, nuqul “Qutqaring...” deb yolvorarmish.
Karimjonning bo‘lari bo‘ldi.
U olisdan bir necha bor kuzatdi: qiz
mung‘ayibgina yurardi... Buni ko‘rib
yigitchaning yuragi battar o‘rtanib
ketdi. Karimjon Nazokatni sevib qolgandi...
O‘sha oqshom yana qizni tushida
ko‘rdi. Lola yaprog‘iday munisa
hamon zor-zor yig‘lar va Karimjonga
“Qutqaring... qutqaring...” deya iltijo
qilardi... O‘sha kuni Karimjonning qilayotgan
ishi unchalik yoqinqiramadi shekilli,
Akmal daroz uning boshida boldir
suyagini o‘ynatgancha do‘q ura ketdi:
— Kerak bo‘lsa men senga o‘xshagan
Salimjon-nimjonlarni bir urib, yerning tagiga kiritib yuboraman!
— Mening otim Karimjon, Salimjon
emas... — titroq ovozda izoh berdi
yigitcha.
— Nima deding?
Ko‘zlari olayib ketgan darozni jumlaning ma’nosi emas, yigitchaning
gap qaytarishga jur’at etganligi
quturtirib yubordi. U boldir suyagini
azot ko‘tardiyu, Karimjonning
orqasiga, umurtqa pog‘onasiga kuch
bilan tushirdi. Yigit “ih” dediyu, gursillab yerga yiqildi.
Qilgan ishidan mamnun daroz boldir
suyagini o‘ynatgancha kuchugini
boshlab chaylasiga qarab ketdi.
Zarba yomon bo‘lgan ekan, Karimjon
bir soatga yaqin o‘zini bilmay yotdi. Bolalar chuvillab uyoqqa chopishdi,
buyoqqa chopishdi.
Ammo ularning qo‘lidan nima ham
kelardi.
Nihoyat Karimjon ko‘zlarini ochdi.
Kimdir chaylada qaydandir paydo bo‘lib olgan “aptechka”dan bitta
termometr topib kelgan ekan, o‘shani
darrov yigitchaning qo‘ltig‘iga
qo‘yishdi.
Ishqilib, Karimjon bir amallab o‘ziga
keldi. U qo‘ltig‘ida muzdaygina bo‘lib turgan
termometrni olib, unga hayron bo‘lib
qarab turdi-da, so‘ng cho‘ntagiga
solib qo‘ydi.
Baribir shu kuni u ishlay olmadi. Sal
harakat qilsa bas, yelkasida, aniqrog‘i umurtqa pog‘onasida paydo bo‘lgan
kuchli og‘riqdan dodlab yuborguday
bo‘lardi.
Sas chiqarmaslikka urinayotgan
Karimjon tishlayverib lablarini qonatib
yubordi. Shu oqshom chaylada uxlashga
yotishayotgan mahal hamxona
yigitlardan biri vahimali tarzda
shivirladi:
— Eshitishimga qaraganda, Ajal aka
bir marta balog‘atga yetmagan qizni zo‘rlab qo‘yib ham qamalgan ekan. Bu
odamdan ehtiyot bo‘lish kerak. O‘z
ko‘zim bilan ko‘rdim: ichib olgan
mahallari qiziga qarashlari juda
yomon... Hayvondan farqi yo‘q
bunaqa odamlarning qo‘lidan har balo keladi...
Karimjon... o‘rtanib ketdi.
Ong-shuurini qoplagan g‘azab, alam,
chorasizlik tuyg‘ularini bosib-
yanchgan ko‘yi to‘satdan
Karimjonning miyasiga bir fikr o‘qday o‘rildi: “O‘ldiraman uni!..”
Karimjon ko‘p kitob o‘qirdi. Bir asarda
Gamletning otasi qulog‘iga simob
quyilib o‘ldirilganini o‘qigandi. Yana
bir kitobda Buxoro amirining bosh
xotini kundoshidan qizg‘anib, erining qulog‘iga simob quygani haqidagi
lavhaga ham ko‘zi tushganday
bo‘luvdi.
Oxir-oqibat qalbini ham zabt etgan
nafrat unga “O‘ldir! O‘ldir!” derdi. Qurol
ham o‘z-o‘zidan qo‘liga tushib qolgandi.
Ammo bu niyatning qaror bo‘lib
shakllanishiga so‘nggi tomchi yetmay
turgandi chamasi. Va bu voqea
keyingi kuni sodir bo‘ldi.
Bolalar uzoqdan bo‘lsa ham ko‘rib turishdi: kechasi bilan ichib chiqqan
Akmal daroz tongga yaqin qo‘lidan
qo‘ymaydigan boldir suyagini azot
ko‘targancha xotinini chaylasidan
quvib chiqqach, zipillab qochayotgan
sho‘rlik rafiqasiga bir muddat tikilib turdiyu, to‘satdan to‘xtadi-da, sallona-
sallona qadam tashlagancha
chaylasiga qaytib kirib ketdi.
Karimjonning yuragi orqasiga tortib
ketdi.
Zero, chaylada Nazokatning yolg‘iz o‘zi qolgandi...
Yigitchaning qo‘llari musht bo‘lib
tugildi, ko‘z oldi qorong‘ilashdi.
“O‘ldiraman!” deya pichirladi u o‘ziga
o‘zi...
Ertasi kuni tushga Karimjon to‘g‘ri daroz Ajal oilasi istiqomat qiladigan
chayla tomon yurdi.
Odatdagidek, chayla yonidagi
qozonda brigadir va uning sevimli
kuchagi Baron uchun alohida
qozonda sergo‘sht sho‘rva tayyorlanayotgandi.
Karimjon uzoqdan bir muddat kuzatib
turdi.
Aftidan, daroz yebto‘ymas Baroni bilan
qaygadir aylanishga ketganga
o‘xshaydi. Demak, chayla ichida ona bilan bola
qolgan, xolos.
Shoshilish kerak edi.
Nainki qo‘llari, oyoqlari ham dir-dir
titrayotgan Karimjon bir amallab
qozon yoniga keldi. O‘choqda o‘t yonardi. Qozonda bilq-
bilq qaynayotgan yog‘li sho‘rva.
Saraton oftobida atrofning, odamning
jizg‘inagi chiqib, miyasi qaynab
yotibdiyu, darozning yegani moy...
Karimjon o‘zini o‘zi battar asabiylashtirishga uringan ko‘yi daroz
haqida nafrat bilan o‘ylashga harakat
qilgancha qozon ustiga engashdi va
cho‘ntagidan termometrni chiqardi.
Karimjon ikki-uch marta
termometrning kumush qoplangan quyi qismini sindirishga urinib ko‘rdi,
ammo buning evini qilolmadi.
Endi o‘zidan jahli chiqa boshlagan
yigitcha qandaydir g‘ayri tabiiy tarzda
termometrni qaynab turgan qozonga
tiqdi... Nimadir “tirs” etib singanday bo‘ldi.
Karimjon termometrni ko‘tardi.
Darhaqiqat, uning quyi qismi singan
edi.
Xuddi shu lahzada, yigitcha hali
o‘zidan o‘zi mamnun bo‘lib ulgurmasidan ham burun ortidan
kimdir qarab turganini his qildi.
Karimjon shoshib o‘girildi.
Chayladan chiqib kelgan Nazokat
ko‘zlarini katta-katta ochgancha unga
ajablanish aralash qo‘rquv bilan tikilib qolgan edi...
Karimjon qo‘lidagi quyi qismi singan
termometrni qanday qilib shimining
cho‘ntagiga solganini bilmaydi.
Qizning o‘tkir nigohiga dosh
berolmagan yigitcha birdan boshini egib olgan ko‘yi tengdoshlari kun
tig‘ida ishlayotgan dala tomon tez-tez
yurib ketdi...
Shu oqshom Karimjon mijja qoqmay
chiqdi. Uning ko‘z oldidan
Nazokatning ajablanish aralash qo‘rquv aks etgan nigohi ketmasdi...
Brigadir esa...
Bir hafta o‘tar-o‘tmas brigadirning
mashqi to‘satdan pasaydi: u endi
kamroq yurib, ko‘proq dam oladigan
bo‘ldi. So‘ng uning tishlari tusha boshladi... Keyin soch to‘kilishi...
Bolalar qatori Karimjon ham
Baronning tuyqusdan ozib, qorni ich-
ichiga botib ketganini, ovqatga
qaramay ham qo‘yganini kuzatib
turarkan, yuragiga bosib kelgan vahima tuyg‘usidan qutulish uchun
o‘zi ish bilan chalg‘itishga jon-jahdi
bilan urinardi...
Avval Baron ketdi. Bu... o‘sha mash’um
voqeadan keyin bir oylar o‘tib sodir
bo‘ldi. Tobora darmonsizlanib borayotgan
brigadir suyukli kuchugiga ko‘p aza
tutib o‘tirmadi. Zero endi uning o‘zi
vahima, azob komida qolgandi...
Akmal daroz kuchugi vafotidan keyin
qirq kundan ko‘proq yashadi. Bu paytga kelib dalada ish tugamagan
bo‘lsa-da, ta’til yakunlanganligi
sababli bolalar maktabga
qaytishgandi...
Xo‘jalik bolalarga yaxshigina pul
to‘ladi. Brigadirga ham.
Ammo... Akmal daroz endi pulga
qiziqadigan, pulni ko‘rib quvonadigan
ahvolda emasdi...
Yaxshiyam milsiz qo‘rquv va vahima
ichida o‘tgan bir necha oy ichida Karimjon biron marta Nazokat bilan
yuzma-yuz bo‘lmadi...
Buning ustiga, erining vafotidan so‘ng
Oliya xola qizini olib tezlikda ota-
onasining qishlog‘iga ko‘chib ketdi...
Bu orada Karimjon maktabni bitirdi. Umurtqa pog‘onasidagi jarohat har
zamonda o‘zidan darak berib, butun
vujudini bir necha kunlar mobaynida
mislsiz azoblarga solsa-da, yigit tishini
tishiga qo‘yib chidar edi. Ammo...
ko‘ngil azobiga chidash mushkul ekan...
Karimjon ko‘p o‘ylandi... Ko‘p
pushaymonlar qildi...
Ammo endi qo‘lidan nima ham kelardi.
Karimjon meditsina institutiga o‘qishga
kirdi. Uni imtiyozli diplom bilan bitirgach (zero, endi u oromni faqat
tinmay o‘qish va ishlashdan olardi,
toki horib-charchab, oqshom
ko‘rpasiga qulasinu uxlab qolsin, ana
shundagina o‘tmish xotiralari uni
bezovta qilolmaydi, azobdan simillab turgan ko‘ksiga yangi pushaymon
qozig‘ini qoqolmaydi), jarrohlik bilan
shug‘ullana boshladi. Tez orada “qo‘li
yengil jaroroh” degan nom orttirdi.
U tinmay ishlardi.
Ishga boshi bilan sho‘ng‘ib ketgani boismi, uylanishga ham fursat topmadi
chog‘i. Ota-onasi yoki yaqinlari,
qarindosh-urug‘lari uylanishdan gap
ochishsa bas, nimagadir Karimjonning
ko‘z oldida o‘ziga shahlo ko‘zlarini
katta-katta ochgancha ajablanish aralash qo‘rquv bilan qarab turgan
Nazokat siymosi paydo bo‘lardi va
jarroh hamsuhbatlaridan asabiy
o‘jarlik hamda qat’iylik bilan bu
mavzuda aslo gap ochmasliklarini
talab qilardi... Nihoyat...
Nihoyat Karimjon jarroh mutlaqo
kutmaganda Nazokatning o‘zi uning
xonadoniga tashrif buyurdi...